Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
Чоп этиш учун
21 Май 2016 y. - 30 Июн 2016 y.

Joriy yilning 26-29 may kunlari Farg’ona shahrida oliy o’quv yurtlari talabalari o’rtasida – «Universiada – 2016» musobaqalarining final bosqichi bo’lib o’tadi. Unda Toshkent shahri, Qoraqalpog’istonRespublikasi va viloyatlardan jamoalar sportning 15 turi bo’yicha bellashadi.


Aytish joizki, Prezidentimiz tashabbusi asosida tashkil etilgan «Umid nihollari», «Barkamol avlod» va «Universiada» sport o’yinlarini o’z ichiga olgan uch bosqichli noyob tizim bugun bamisoli qudratli to’lqinga aylanib, millionlab o’g’il-qizlarimiz ham jismoniy, ham ma`naviy sog’lom bo’lib ulg’ayishiga xizmat qilmoqda. Bu tizimning yuqori bosqichi bo’lgan Universiada musobaqalari dastlab 9 ta sport turi bo’yicha tashkil etilgan bo’lsa, ayni kunga kelib sport turlari 15 taga yetdi. Bular sportning basketbol, voleybol, kurash, belbog’li kurash, dzyudo, yengil atletika, tennis, stol tennisi, futbol, gandbol, shaxmat va suzish turlaridir.

 

«Universiada» o’yinlari 2000 yili Namangan viloyati, 2002 yili Buxoro, 2004 yili Samarqand, 2007 yili Toshkent shahri, 2010 yili Andijon, 2013 yili Buxoro viloyatida o’tkazildi. Joriy yilda Farg’onada o’tkaziladigan «kichik olimpiada»ga ayni kunda qizg’in tayyorgarlik ko’rilmoqda. Kuni kecha Ahmad Farg’oniy nomidagi Farg’ona viloyat axborot kutubxona markazida o’tkazilgan matbuot anjumanida bu haqda atroflicha ma`lumot berildi.

– Farg’ona shahrida mazkur musobaqani yuqori saviyada o’tkazish uchun aniq chora-tadbirlar amalga oshirildi, – dedi «Universiada – 2016» o’yinlari matbuot xizmati rahbari Shohidbek Aslonov. – Farg’ona davlat universiteti, Farg’ona politexnika ins­tituti, Farg’ona olimpiya zaxiralari kolleji sport zallari zamon talablari asosida ta`mirlanib, jihozlandi. Far­g’ona davlat universitetida 3 ming   200 o’rinli futbol maydoni, yopiq suzish havzasi, uchta voleybol maydoni va yengil atletika yo’laklari qurilib, foydalanishga topshirildi.

Musobaqa ishtirokchilarining yashashi, ovqatlanishi va mazmunli dam olishi uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida e`tibor qaratildi. Farg’ona davlat universiteti va politexnika institutining talabalar turar joyi zamonaviy ta`mirdan chiqarildi.

Viloyat markazida keng ko’lamli obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, xiyobon hamda ko’chalarda gulzorlar tashkil etildi. Farg’ona, Ma`rifat, Murabbiylar kabi markaziy ko’chalar zamonaviy arxitektura talablari asosida ta`mirlanib, qariyb 5 kilometrlik yo’l rekonstruksiya qilindi.

Sport musobaqalarida 1068 nafar sportchi va murabbiy, 155 nafar hakam hamda yurtimizning mashhur sportchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashishi kutilmoqda. Sport musobaqalari 12 ta zamonaviy sport inshootida o’tkaziladi.


Белгиланган матнни тинглаш учун қуйидаги тугмани босинг Powered by GSpeech