Andijon qishloq xo’jalik institutida 2013 yil 29 mart 2012-2013 o’quv yilining bakalavriat ta’lim yo’nalishlari bo’yicha bitiruvchilarining “Bitiruvchi-2013” taqsimot yarmarkasi bo’lib o’tdi.
Mamlakatimizda oliy malakali yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlash davlat miqyosidagi tadbir bo’lib, yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlash yuzasidan tadbirlar majmui Respublikamiz Prezidenti va Vazirlar Maxkamasining qator qarorlarida o’z aksini topgan.
Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 2 iyun kunidagi «2005/2006 o’quv yilida O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga qabul to’g’risida»gi PQ-92-sonli qarori, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 2006 yil 14 oktyabrdagi «Davlat granti asosida tahsil olgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga taqsimlashni ta’minlash choralari to’g’risida»gi 225-sonli buyrug’i hamda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 28 yanvardagi 48-sonli «Ta’lim bozorini shakllantirish va kadrlar tayyorlash sohasida marketingni jadallashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi Qarori asosida institutda bitiruvchi yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlashga ma’sul “Taqsimot komissiyasi” tashkil etilgan bo’lib, ushbu taqsimot komissiyasi tarkibiga tashkilot va korxona raxbarlari ishlab chiqarish ilg’orlari, institut raxbariyati hamda professor-o’qituvchilari jalb etilgan. “Taqsimot komissiyasi”ning asosiy vazifasi bitiruvchilarni o’z mutaxassisliklari bo’yicha ishga joylashdan va ish joylarida ko’nikmalar hosil qilish uchun uslubiy yordamlar berib borishdan iboratdir. O’tgan davrda bu borada qanday ishlar amalga oshirildi va yechimini kutayotgan vazifalar nimalardan iborat.
Korxona va tashkilotlar bilan yo’lga qo’yilgan aloqalar orqali oldingi yillarda ishga taqsimlanib joylashgan yosh mutaxassislar va ish beruvchilar bilan muntazam aloqada bo’lindi va zaruriy hollarda ularga uslubiy va amaliy yordam ko’rsatilib, maslahatlar berib borilmoqda.
Ish beruvchilar bilan o’rnatilgan shartnoma asosida Andijon, Farg’ona va Namangan viloyatlari Qishloq va suv xo’jaligi boshqarmalari 2020 yilgacha institut bitiruvchilarni ishga joylash va ularni amaliyot tajribalarini o’tkazish uchun ham tegishli sharoitlarni yaratib berish yuzasidan hamkorlik aloqalar o’rnatilgan bo’lib, bu boradagi ishlarni sifatli bajarilishi bevosita ish beruvchilarning amaliy yordami bilan olib borilmoqda.
Ta’lim xizmatlari yuzasidan iste’molchilar bilan o’rnatilgan aloqaga binoan korxona va tashkilotlar uchun zarur mutaxassislarni yetkazib berish, kerakli holatlarda ularni qayta o’qitib berish yuzasidan tegishli tadbirlar shakllantirilgan.
Ish beruvchilar bilan aloqalarni mustahkamlash va tayyorlagan yosh mutaxassislarimizdan boxabar etish maqsadida mutaxassisliklar bo’yicha bitiruvchilar ro’yxatini Markaziy «Qishloq hayoti» va maxalliy «Andijonnoma» gazetalarining dekabr oyi sonlarida e’lon qilindi hamda Andijon, Farg’ona, Namangan viloyatlari «Mehnat va aholini ijtimoiy muxofaza qilish» hamda Qishloq va suv xo’jaliklari boshqarmalariga va Irrigatsiya tizimlari Havza boshqarmalariga va boshqa bevosita qishloq xo’jaligi bilan shug’ullanuvchi korxona va tashkilotlarga yuborildi va shu asosida o’zaro hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Institutda bitiruvchilarini ishga joylashtirish, ularni diplom oldi amaliyotlarini o’tkazish ishlari bevosita institut raxbariyati, bo’lim boshliqlari, dekanlar hamda barcha kafedralarning professor-o’qituvchilari jalb etilganligi bu boradagi ishlar samarali bajarilishini ta’minlamoqda. YA’ni o’tgan o’quv yilida jami 353 nafar talaba bitirgan bo’lib, ushbu bitiruvchilarni 100 % ishga joylashtirishga erishildi.
Andijon viloyati Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, viloyatlar Qishloq va suv xo’jaligi boshqarmalari Farg’ona vodiysidagi boshqa korxona va tashkilotlar bilan yo’lga qo’yilgan aloqalar orqali bo’sh ish o’rinlari va talab etilganda tashkilotlarni zaruriy mutaxassislar bilan ta’minlash yuzasidan bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash tadbirlari yuqori saviyada olib borilmoqda.
«Bitiruvchi-2013» taqsimot yarmarkasiga nafaqat viloyatimizning qolaversa, Farg’ona vodiysi viloyatlarining qishloq xo’jaligi yo’nalishidagi tashkilot, korxona va xo’jaliklaridan shuningdek, Tabiatni muxofaza qilish , O’rta maxsus kasb-xunar ta’limi, Irrigatsiya tizimlari, Mexnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish hamda tizimdagi boshqa boshqarmalar rahbarlari, ishlab chiqarish ilg’orlari va yetakchi mutaxassislari ham ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi ham bitiruvchilarni o’z mutaxassisligi bo’yicha ish bilan ta’minlash bilan birga bevosita tashkilot va korxona raxbarlari ishlab chiqarish ilg’orlari bilan o’zaro muloqotini tashkil etishdan iborat. SHunday ekan tadbirda nafaqat ish beruvchi qolaversa yosh mutaxassislar uchun xam tanlash imkoniyati tug’iladi. Ish beruvchi o’z korxonasidagi yaratilgan sharoitlar, yosh mutaxassisning o’z bilim va ko’nikmalarini to’liq ruyobga chiqarish uchun olib borilayotgan ishlar bilan tanishtiradi va mutaxassisliklar va yo’nalishlar bo’yicha bitiruvchilarimizni tanlab ishga taklif etadi.
Institutni 2011-2012 o’quv yilida 12 ta ta’lim yo’nalishi bo’yicha jami 353 nafar bakalavr (shulardan 147 nafar davlat granti asosida, 206 nafari kontrakt asosida) bo’yicha malakali kadrlar tayyorlandi va ishlab chiqarishga yo’naltirildi va ushbu bitiruvchilarning 100 foizi tashkilot, korxona va iqtisodiyot tarmoqlariga ishga joylashdi.
2012-2013 o’quv yilida esa institutni 12 ta ta’lim yo’nalishi bo’yicha jami 481 nafar bakalavr (shulardan 157 nafar davlat granti asosida 324 nafari kontrakt asosida) bo’yicha malakali kadrlar tayyorlandi va ishlab chiqarishga yo’naltirilmoqda. Xozirgi kunda ushbu bitiruvchilarni diplom oldi amaliyotlarini o’tkazish ishlariga bevosita barcha kafedralarning professor-o’qituvchilari jalb etilganligi bu boradagi ishlar samarali va izchil bajarilishini ta’minlamoqda.
Tadbir qatnashchilaridan 22 nafar ishchi o’rinlarga taklif tushdi. YArmarkada bitiruvchilarni qiziqtirgan savollariga korxona va tashkilot rahbarlari, yetakchi mutaxassislari javob berdilar.